Xorazm viloyati IIBda tergov boshqarmasining joriy yil 6 oy yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bunda viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘lim va bo‘linma boshliqlari, tergovchilar hamda surishtiruvchilar ishtirok etishdi. Yig‘ilishni viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, tergov boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik A. Po‘latov ochib, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda shahar va tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi va bo‘linmalari boshliqlarining hisobotlari ham eshitildi. Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir tergovchi va surishtiruvchilarning xizmat faoliyati alohida tahlil qilindi. Sarhisob natijalariga ko‘ra, xizmat faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rildi.
Xizmat vazifasini bajarishda samarali natijalarga erishgan 4 nafar xodim 2.500.000 so‘mdan pul mukofoti, 5 nafari IIV Tergov departamentining qo‘l soatlari, 5 nafari viloyat IIB rahbariyatining “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, ijobiy natijalarni qo‘lga kiritgan shahar va tuman IIBlari huzuridagi tergov bo‘limlari va bo‘linmalariga “Artel” rusumli televizorlar, kompyuter jamlanmalari hamda “Epson” va “Canon” rusumli printerlar topshirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.