Bu material faqat oʻzbek tilida eʼlon qilingan
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 noyabrь kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini taʼminlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qoʼshimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish boʼyicha koʼrilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi oʼtkazdi.Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Hozirgi kunda tadbirkorlar, oʼrta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos boʼlib xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik subʼektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortigʼini ish bilan taʼminlaydi. 2018 yilgi holatga koʼra, Oʼzbekistonda mehnat bilan band aholining 76,3 foizi shu sohada ishlaydi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subʼektlari taraqqiy etgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti tarkibida ham salmoqli oʼringa ega. Oʼzbekiston yalpi ichki mahsulotida mazkur soha ulushi 59,4 foizdir.
Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning soʼzlari bilan aytganda, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz.
Tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash boʼyicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, Jahon bankining “Biznes yuritish – 2020” hisobotida Oʼzbekiston 7 pogʼonaga koʼtarilib, 69-oʼrinni egalladi va dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi. Yangi korxona ochish qulayligi boʼyicha yurtimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi oʼringa koʼtarildi.
Bunday imkoniyatlar natijasida joriy yilning oʼtgan 10 oyida 91 mingta yoki 2018 yilgiga nisbatan 2 barobar koʼp yangi tadbirkorlik subʼekti tashkil etildi.
Lekin hali soha rivoji yoʼlida qilinadigan ishlar ham koʼp.
“Biznes yuritish – 2020” hisobotida koʼrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni roʼyxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerak.
Shu bois bugungi videoselektor yigʼilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auktsion orqali berish, mulkni roʼyxatdan oʼtkazish boʼyicha idoralararo elektron axborot almashinuvini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Xorijiy tajriba asosida, mulk huquqini davlat roʼyxatidan oʼtkazishni takomillashtirish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subʼektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini taʼkidlab, juda koʼp rahbarlar bunga befarqlik va masʼuliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi.

Buni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʼrib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin boʼlsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur boʼlayotgani ham yaqqol koʼrsatib turibdi.
Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Аndijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.
Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi boʼyicha koʼrsatma berildi.
Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday toʼsiqlar boʼlmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan koʼmakchi boʼlishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shugʼullanishi toʼgʼrisida hokimlar shaxsan kafolat beradi.
Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga yetkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda eʼlon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham koʼrsatilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish boʼyicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun Xalq banki, Mikrokreditbank va Аgrobank masʼul etib belgilanib, ularga yetarlicha resurslar ajratib berilgan.
Yigʼilishda mazkur moliya tashkilotlari hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi saʼy-harakatlar boʼyicha hisobot berdi.
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʼrib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning oʼzaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani koʼrsatib oʼtildi.
Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi va banklarning oʼzaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat koʼrsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini taʼkidladi.
Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat koʼrsatish hajmining juda pastligi – ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari toʼliq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.
Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish boʼyicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi.
Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini oʼrganib, 2020 yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish boʼyicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʼyildi. Bunda respublika boʼyicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud obʼektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi.
Davlat bojxona qoʼmitasiga kelgusi yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yoʼlga qoʼyish topshirildi.
2020 yilda “Biznes yuritish” reytingida mamlakatimiz oʼrnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish boʼyicha ham vazifalar belgilandi.
Yurtimizning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qoʼllab-quvvatlanishi uchun davlat byudjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim rolь oʼynaydi.
Shu nuqtai nazardan videoselektor yigʼilishida Soliq qoʼmitasiga noyabrь-dekabrь oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli boʼlmagan qator tuman va shaharlarda soliqlarni toʼliq undirish boʼyicha yangi tizim joriy qilish topshirildi.
Xabaringiz bor, Xalqaro valyuta jamgʼarmasi, Jahon banki, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1 oktyabrdan qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
Soliq siyosatida olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishdir.
Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini koʼrish zarurligi taʼkidlab oʼtildi. Binobarin, barcha sohalarda “xufiyona iqtisodiyot” koʼlamlarini keskin qisqartirish boʼyicha “yoʼl xaritasi” ishlab chiqib, ijrosi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz boʼylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning oʼzida mahsulot ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyib, ular byudjetga qoʼshimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
Maʼlumki, davlat byudjetining barqarorligini taʼminlashda aholi va yuridik shaxslarga koʼrsatilgan xizmatlar uchun olingan toʼlovlar ham muhim rolь oʼynaydi.
Аvval xabar qilganimizdek, 2020 yildan boshlab mahalliy byudjetni shakllantirish tartibi tubdan oʼzgaradi, hududlar oʼz sarf-xarajatlarini mustaqil ravishda hal qiladi. Shu munosabat bilan, endi hokimlar mahalliy byudjet daromadlarini koʼpaytirish uchun koʼproq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼektlari tashkil etishi, soliqlarni mustaqil ravishda yigʼishi va bu boradagi masʼuliyatini kuchaytirishi kerak boʼladi.
Prezidentimiz bugungi kundagi yana bir dolzarb masalaga toʼxtalib oʼtdi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlari joriy etildi.
15 oktyabrdan boshlab un va bugʼdoyning narxlari erkinlashtirildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash maqsadida har bir nafaqa oluvchiga oyiga 50 ming soʼmdan kompensatsiya toʼlanmoqda.
Qolipli non bilan kafolatli taʼminlash uchun yetarli resurs zaxirasi yaratilib, un ishlab chikarishning oylik hajmi mamlakatimizda 122 mingdan 142 ming tonnaga oshirildi. Bugungi kunda Toshkent shaxrida 1 kilogramm un birjada 2300-2400 soʼmdan sotilayotgan boʼlsa, chakana savdoda qolipli non narxi 1500-1700 soʼmni tashkil qilmoqda.
Yigʼilishda ayrim viloyatlarda nonning narxi nisbatan yuqoriligicha qolayotgani koʼrsatib oʼtildi.
Shuning uchun, Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga unni birja savdosida sotilishidan boshlab, nonni chakana savdoda sotilishigacha boʼlgan jarayonni har kuni tahlil qilib, aholining nonga boʼlgan kunlik ehtiyojini toʼliq taʼminlab borish boʼyicha vazifalar yuklatildi.
Joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qoʼllash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kompensatsiya pullarini oʼz vaqtida va toʼliq yetkazib berilishini taʼminlash boʼyicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, togʼli va olis hududlarda qish mavsumiga un va boshqa oziq-ovqat zaxirasi yaratish lozimligi qayd etildi.
Videoselektor yigʼilishida muhokama qilingan masalalar boʼyicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi