Telefon(71) 233-65-34Du–Sha, 9:00–18:00
Kabinet

СУИҚАСД

Turli

                                                             Kimki adovatu xusumatni eksa, albatta u

                                                                                                                           tashvishu mashaqqatni o‘radi.

                                                                                                                                                          Mahmud Zamaxshariy

Guljamolning birinchi turmushi omadli bo‘lmadi, eridan ajrashib to‘rt yashar o‘g‘li Anvarjon bilan qizlik uyiga qaytib keldi. Aksiga olib, ota uyida akasining tergashlari va onasining nasihatlari unga og‘ir bota boshladi. Baxtsiz juvon nima qilishini bilmas, hayot ko‘ziga qorong‘u ko‘rinar, atrofidagi hammaning unga bir xusumati bordek edi, go‘yo. Erining uylangani haqidagi xabarni eshitgani dard ustiga chipqon bo‘lib, Guljamol o‘z xonasidan deyarli chiqmay qo‘ydi. Alamini o‘g‘lidan olar, uni sal narsaga chimchilar yo tarsakilar, gohida big‘illatib urib qolardi. Bola onasining kaltagi ostida nogiron bo‘lishidan qo‘rqqan buvisi nevarasini yonida olib yotadigan bo‘ldi.

Shunday alamli kunlarning biri edi. Sobiq sinfdoshi Vositbekning kutilmagan taklifi Guljamolni o‘ylantirib qo‘ydi. Qalbida “Balki baxt qasrini qaytadan qurish kerakdir”, degan umid uchquni paydo bo‘ldi. Vositbek uni uchrashuvga taklif qilgan edi. o‘g‘lini onasiga qoldirib,  o‘zi uchrashuvga ketdi. Onasi ham bu gapdan xabardor, birinchi turmushidan og‘zi kuygan Guljamolga eʼtiroz bildirmay, tanlovni qizining ixtiyoriga havola etib qo‘ya qoldi. 

Ayol yo‘l bo‘yi taklif egasi haqida o‘yladi. Vositbek maktabni tugatish arafasida Guljamolga sevgi izhor qilgan, unga uylanish niyatida ekanligini aytgan edi. Biroq o‘sha kezlari “oq otli shahzoda” sini kutib yurgan Guljamol yigitning taklifini rad qilgandi. “Sen mening didimga to‘g‘ri kelmaysan” degan so‘zlar bilan yigitni xafa qilmadi, shunchaki ko‘ngli boshqada ekanligini aytdi. Taqdir ekan, quvnab-quvnab kutib olgan baxti mo‘rt shishaday parcha-parcha bo‘ldi. Vositbekning turmushi ham omadsiz bo‘libdi. Uning nogiron farzandi borligini, ayoli saratonning og‘ir turiga chalinib, to‘shakka mixlangan kezlarda ham uni yolg‘izlatmay doim yonida bo‘lganini, ayolining  ko‘ngli uchun to‘y-maʼrakalarga ham bormaganini, ertalab va oqshom payti ikkita nogironlar aravachasida xotini va farzandini aylantirib yurishini sinfdosh do‘stlaridan eshitgandi. Vositbekning rafiqasi olamdan o‘tganini ham eshitgan, lekin ko‘ngil so‘rab borishga tortingan edi.

– Oilasiga shunchalik mehribon bo‘lgan odamdan yomonlik chiqmasa kerak. Axir “farzand ko‘rmading”, “o‘g‘il tug‘mading” deb xotiniga taʼna qiladigan, arzimas bahonalarni ro‘kach qilib xotini bilan ajrashgan erkaklar qancha. O‘zining taqdiri ham bunga misol-ku. Guljamol sobiq erini Vositbek bilan taqqoslar ekan, eri naqadar ablahligiga  ishonch hosil qildi. Shu o‘ylar og‘ushida Vositbek bilan uchrashdi. Ikkisi uzoq suhbat qurishdi.

– Nega menga uylanmoqchisiz? Erkaklardan ko‘nglim qolgan! Yana bir marta xato qilishni istamayman.

Vositbek Guljamolning so‘zlarini vazminlik bilan tinglab, shunday javob qaytardi:

– Men seni aldamoqchi emasman. Yolg‘on bilan boshlangan turmush hech qachon baxt olib kelmaydi. O‘zingga maʼlum, men avvaldan seni sevganman. Sevgimni rad etganingdan keyin boshqasi bilan oila qurdim. Farishtaday ayolim bor edi, biroq undan erta ayrildim. Sakkiz yashar nogiron qizim bor. O‘zi mustaqil harakat qilolmaydi, gapirolmaydi. To‘shakka mixlangan. Kunduzi men ishda bo‘laman, unga esa ona mehri kerak. Onamning vafotiga qadar bunday muammo yo‘q edi. Endi...

Vositbek og‘ir tin oldi, ko‘zlaridan yosh dumaladi. Ayol kishining oldida ko‘z yosh to‘kkanidan uyalib, nigohlarini olib qochdi. 

– Mening ham bir o‘g‘lim bor. To‘rt yoshda... –  dedi Gul­jamol tutilib.

– Agar turmush qursak, “seniki, meniki» degan so‘zlar bo‘lmaydi. Vaʼda beraman, sening o‘g‘ling va mening qizim ikkimizning farzandimiz bo‘ladi...

Vositbekning taklifi Guljamolga maʼqul keldi. Ixchamgina to‘y qildilar. Kichkinagina, ahilgina oilaning sohibasiga aylangan Guljamol o‘zini baxtli his qilar, “nihoyat, hayotim o‘zgardi”, degan quvonchdan boshi osmonga yetardi. U mahzun xotiralarini unutgan edi.

Sinfdoshlarning navbatdagi uchrashuviga ikkala farzandlarini ham olib borishdi. Faqat nogiron Xosiyatni boshqa xona yotqizib qo‘ydilar. Qolganlar mehmonlar uchun tuzalgan dasturxon atrofida jamuljam edi. Vositbek tez-tez Xosiyat yotgan xonaga borib, qizidan xabar olardi. 

– Vositbek birinchi xotinidan bo‘lgan bolasiga buncha mehribon. Bu nogiron qizni qoldirib kelsanglar, bo‘lmasmidi?! – dedi sinfdoshi Asal Guljamolning qulog‘iga pichirlab.  

– Qo‘ysang-chi, biz farzandlarimizni ajratmaymiz, – dedi Guljamol dasturxondan shokolad olayotgan o‘g‘liga qarab turib. Biroq ichida nimadir uzilganday bo‘ldi.

O‘sha kundan Xosiyat Guljamolning ko‘ziga ortiqcha yuk bo‘lib ko‘rina boshladi. U nogiron qizaloqni baxtini kemirib turgan kalamushga o‘xshatardi. Avvallari Xosiyatni o‘z bolasiday parvarish qilgan, mehr bilan ovqatlantirib cho‘miltirgan, sochlarini quvona-quvona turmaklagan bo‘lsa, endi bu yumushlarni majburiyat bilan bajarar, harakatlarida nafrat alomatlari sezila boshlagan edi. 

Bir safar dasturxon ustida Vositbekka:

– Balki Xosiyatni nogironlar uyida davolatarmiz, –  dedi. 

Eri shunday yovqarash qildiki, Guljamol qo‘rqib ketdi. Vositbek ovqat yeyish uchun ushlagan qoshig‘ini jahl bilan stolga tashladi. So‘ng eshikni qarsillatib yopganicha yotoqxonaga kirib ketdi. Guljamol o‘ziga tegishli javobni olib bo‘lgandi.

Ertasi kuni Vositbekning  o‘zi sekin gap boshladi:

– Hayronman, Guljamol, oldinlari Xosiyatga meh­ring boshqacha edi. Doim ust-boshini ozoda qilib qo‘yarding. Endi esa...

– Mening kechiring. Noto‘g‘ri gapirib, sizni xafa qilib qo‘ydim, –  dedi Guljamol vaziyatni yumshatish uchun.

– Umid qilamanki, bu haqda boshqa gaplashmaymiz. O‘rtamizda parda bo‘lmasligi kerak. Agar parda paydo bo‘lsa, shubha gumonlar tug‘iladi. Gumon va ishonchsizlikning kurtak otishi esa oilani parokanda qiladi. Baxtli yashaymiz desak, bir-birimizga vafodor, mehrli bo‘lishimiz kerak.    

Shundan keyin Guljamol Vositbekka Xosiyat to‘g‘risida boshqa gapirmadi. Biroq yuragidagi adovat olovi gurillab yonayotgandi. Shifokorlar Guljamol boshqa farzand ko‘rmasligini aytganlaridan keyin uning qalbidagi nafrat olovi ustiga moy sepilgandek bo‘ldi. Vositbek Guljamolni yupatdi. “Xafa bo‘lma, axir bir emas, ikki farzandimiz bor-ku”, dedi. Garchi Guljamol eriga eʼtiroz bildirmasa-da, ich-ichida bu xosiyatsizlikni sho‘rlik nogiron qizga to‘nkayverdi. 

Uning Xosiyatga bo‘lgan adovati shu darajada kuchaydiki, bora-bora qizning joniga qasd qilish haqida o‘ylaydigan bo‘ldi.

Vositbekning ishdaligi va uyda hech kim yo‘qligidan foydalangan Guljamol, Xosiyatni yo‘q qilishning turli yo‘llarini izlay boshladi. Rejalar tuzdi va xayolida ularni amalga oshirib ko‘rdi. 

Bir kuni Xosiyat uxlab yotganida, uni ikki qo‘llab bo‘g‘di. Qo‘rqib uyg‘ongan Xosiyat unga ojizgina qarshilik ko‘rsatardi. Ko‘zlari  Xosiyatning ko‘zlari bilan to‘qnashgan Guljamol: “Axir, bo‘ynida barmoqlarimning izi qoladi-ku!” degan xavotir bilan  qo‘llarini tortib oldi. So‘ng qo‘rquvga to‘la ko‘zlari bilan unga tikilib yotgan o‘gay qiziga qarab og‘ir tin oldi va xonadan chiqib ketdi.

Vositbek hech narsani sezmadi, yopiqlik qozon yopiqligicha qoldi. Lekin Guljamolning rejasi oxiriga yetmagan edi. Bir necha kun o‘tgach u  Xosiyatning xonasiga yana mudhish niyat bilan kirdi –  qo‘lidagi og‘ir yostiqni Xosiyatning yuziga bosdi...

Xonada u yoqdan-bu yoqqa borib kelayotgan Guljamol nima qilib qo‘yganini anglash va Xosiyatning o‘lganiga ishonch hosil qilish uchun yana unga yaqinlashdi. Engashib qizchaning yuziga qarab turdi. Kutilmaganda Xosiyat chuqur xo‘rsindi. Guljamol cho‘chib ortiga tisarildi. Xosiyat tirik edi. Nogiron qiz o‘lmay qolganidan ayolning g‘azabi qaynadi:

– Namuncha joni qattiq bo‘lmasa bu chalajonning!

Bir kuni Vositbek bog‘dagi daraxtlarni zararkunandalarga qarshi dorilash uchun “Karate” degan zaharli vositani olib keldi. Eri bog‘dagi mevali daraxtlarni dorilayotgan vaqtida, Guljamol Xosiyatni yo‘q qilishning qulay payti kelgani haqida o‘yladi. U eri olib kelgan zaharli dori shishasini ushlab Xosiyatning yoniga bordi. Derazadan qarab, Vositbek ish bilan bandligiga ishonch hosil qilgach, qizga shishadagi suyuqlikdan ichira boshladi. So‘ng darrov shishani artdi va mato bilan ushlab o‘g‘li Anvarga uzatdi.

O‘zi shosha-pisha bankada sovib turgan choyni olib, Vositbekni yoniga bordi. Devorning narigi tomonida qo‘shnilarning ovozi eshitilayotgandi. Guljamol:

– Anvar o‘g‘lim, opangga suv ber. Chanqagan bo‘lsa kerak, – dedi atay qo‘shnilarga eshittirib.

Guljamol o‘zini xotirjam tutishga urindi. U indamasdan eriga sovuq choy quyib uzatdi. Ayol shu onda faqat bir narsani o‘ylardi. Agar Xosiyatga  zaharli dori ichirilganini sezib qolishsa, o‘g‘li Anvar suv beraman deb bilmasdan ichirib qo‘ygan bo‘ladi.  Bilishmasa-ku, nur ustiga nur...       

Kasalxonada og‘ir ahvoldagi Xosiyatni tekshirgan shifokor, qizaloq zaharlanganini, zaharning turini aniqlash kerakligini aytdi.

– Bo‘lishi mumkin emas. Axir, o‘zi mustaqil harakat qilolmaydi. Qanaqasiga zahar ichadi? – dedi Vositbek dahshat ichida.

– O‘ylab ko‘ring-chi, kimdir zahar ichirgan bo‘lishi mumkinmi?

Vositbek ikki ko‘zi savolga to‘lib, Guljamolga qaradi.

Shu payt kasalxona yo‘lagida Guljamolning akasi Rahimjon paydo bo‘ldi. U yolg‘iz emas, qonga belangan Anvarjonni ko‘tarib olgan edi. Guljamol tog‘asining qo‘lida hushsiz yotgan o‘g‘lini ko‘rib qotib qoldi. Axir, qarab turishlari uchun Anvarjonni akasining uyida qoldirgan edi-ku. Bolani zudlik bilan operatsiya xonasiga olib ketishdi.

Tizzalariga, boshiga urib yig‘layotgan Rahimjon, Guljamol va Vositbekka aybdorlarcha qarab, tinmay singlisidan kechirim so‘rardi: 

– Kechir meni, Guljamol. Oyimga boraman, deb ko‘chaga yugurib chiqdi, ushlashga ulgurmay qoldim. Mashina urib yubordi.

Shifokorlar ikki murg‘akni asrab qolish uchun ko‘p kurashishdi. Xosiyat ancha mashaqqatlardan keyin tuzalib uyiga qaytdi, lekin Anvarbek vafot etdi...